TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekistonda xato sabab marhumga yozilgan jarima bekor qilindi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar qilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqda fuqaroning o‘limiga 3-yildan oshgan bo‘lsada, unga jarima belgilangani haqidagi xabar tarqalgan edi.
YHXBB xabariga ko‘ra, joriy yilning 29-iyun kuni Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani hududida haydovchi, 1954 yilda tug‘ilgan Djalalov Sobirjan o‘ziga tegishli bo‘lgan “Matiz”da xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlangan. Haydovchini tuman IIB YHXB YPX xodimi S.Abdunabiyev to‘xtatgan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Tuman IIB YHXB ma’muriy amaliyot xodimi tomonidan fuqaro S.Djalalovga nisbatan tuzilgan bayonnoma KAAT markazlashgan dasturiga kiritilishi vaqtida ushbu fuqaro bilan ism-familiya va tug‘ilgan yili bir xillikda bo‘lgan Samarqand viloyatida yashagan 1954-yilda tug‘ilgan Djalalov Sobirjanning ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha jazo qo‘llash to‘g‘risidagi jarima qarori chiqarilgan.
Hozir samarqandlik Djalalov Sobirjanga nisbatan chiqarilgan qaror belgilangan tartibda bekor qilingan. YHXBB yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun uzr so‘ragan.