TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘monda bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Otabek Umarov OOK vitse-prezidenti etib saylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston 2025-yil IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta o‘z vakilini olimpiya harakatiga mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo‘lgani ma’lum qilingan edi.
“Toshkentda o‘tadigan 2025-yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish Yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz”, – dedi Otabek Umarov.
16 dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025-yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Otabek Umarov nomzodi OOK vitse-prezidentligiga ilgari surildi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Otabek Umarov O‘zbekiston nomidan OOK vitse-prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilgani xabar qilingan edi.