TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston volontorlari assotsiatsiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi volontorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish, insonparvarlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlilikni qo‘llab-quvvatlash hamda volontorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Bugungi kunda 80 dan ortiq mamlakatda yirik professional volontorlik tashkilotlari mavjud bo‘lib, ko‘ngillilar sektori jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “Volontorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangan edi. Qonunga muvofiq, volontorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.
Kam ta’minlanganlarni, ishsizlarni, ko‘p bolalilarni va boshqa shu kabi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yordam ko‘rsatish volontorlik faoliyatini amalga oshirish yo‘nalishlaridan biridir.