TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida o‘z kasbining ustasi unvoni uchun ko‘rik-tanlov to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ko‘rik-tanlov Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va DXX Chegara qo‘shinlarining qo‘shilma, qism va oliy harbiy ta’lim muassasalarida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlov “Eng ilg‘or serjant”, “Eng ilg‘or guruh komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or brigada komandiri” nominatsiyalari bo‘yicha tashkil etiladi.
Ko‘rik-tanlov har yili 1-iyundan 30-dekabrga qadar saralash, okrug va respublika bosqichlarida o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Okrug bosqichida:
- 1-o‘rin uchun – diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti;
- 2-o‘rin uchun – diplom va lavozim maoshining 75 foizi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti;
- 3-o‘rin uchun – diplom va lavozim maoshining 50 foizi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti.
Respublika bosqichida:
- 1-o‘rin uchun – I darajali diplom va lavozim maoshining uch baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti hamda navbatdagi malaka toifasi;
- 2-o‘rin uchun – II darajali diplom va lavozim maoshining ikki baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti;
- 3-o‘rin uchun – III darajali diplom va lavozim maoshining bir baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘olib va sovrindorlari Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirida e’lon qilinadi va taqdirlanadi.
Shuningdek, ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblariga quyidagi imtiyozlar beriladi:
“Eng ilg‘or serjant” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblarga – Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markaziga tanlovdan tashqari o‘qishga kirish; “Eng ilg‘or guruh komandiri” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblarga – yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilg‘or vzvod komandiri” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblarga – Qurolli Kuchlar Akademiyasi malaka oshirish fakultetining oliy kurslariga tanlovsiz o‘qishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilg‘or batalon komandiri” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblarga – Qurolli Kuchlar Akademiyasining harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetiga tanlovsiz o‘qishga kirish, shuningdek, yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish; “Eng ilg‘or brigada komandiri” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblarga – yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish.