TOShKENT, 18 noya - Sputnik. MO mintasiga kirib kelgan sovuq havo oqimi pandemiya sharoitida kasallanish xavfini oshirishi yuzasidan mulohazalar paydo bo‘lmoqda. Ayni paytda Yevropa davlatlari koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqini bilan kurashmoqda. Turkiyada kafe va restoranlar faoliyati to‘xtatildi, qisman komendantlik rejimi joriy etildi. Xo‘sh, kunlar sovishi bizdagi koronavirus bilan bog‘liq holatga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida SSV Matbuot xizmati mutaxassisga murojaat qildi.
"Kunlar sovigan sari surunkali, virusli va yuqumli kasalliklar qo‘zishi bilan koronavirus kasalligining ham mutatsiyasi kuchayib borishi ta’kidlab kelinmoqda. Bir yil oldingi koronavirus ilk bor aniqlangan vaqt ham kuzning oxiri va qish oylariga to‘g‘ri kelgan edi. Shundan xulosa qilish mumkinki, havoning nam va sovuq bo‘lishi virusning inson organizmiga tushish imkoniyatini kuchaytirib beradi. Sovuq harorat infeksiyaning inson organizmidagi suyuqlik tarkibida ko‘proq yashash imkoniyatini beradi", - deydi SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva.
Yana shuni unitmaslik kerakki, tashqi muhit harorati manfiy darajaga tushishi bilan inson organizmi harorati pasayishi, immun tizimining kuchsizlanishi kuzatilishi mumkin. Organizmning sovuq qotgan to‘qimalari o‘z faoliyatini tiklashi uchun ko‘p energiya kerak bo‘ladi. Inson tanasining oqsillar, uglevodlar, vitaminlar va turli mikroelementlarga ehtiyoji ortadi. Bu esa kasallikka chalinish ehtimolini oshiradi. Shu sababli bu mavsum ko‘p kasalliklar qo‘zg‘aladigan davr hisoblanadi.
Organizmda koronavirusdan tashqari boshqa kasalliklar ham mavjud bo‘lsa, bu virusni aniqlash va davolashda qiyinchiliklar tug‘diradi. Koronavirusni bakterial infeksiyalar va bronxial kasalliklardan farqlashda muammolar paydo bo‘ladi".
Mutaxassis, shuningdek, bunday vaziyatda koronavirusning xavfini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalarini ham bildirib o‘tdi.
"Bunday sharoitda aholidan o‘z immun tizimini mustahkamlash uchun ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishi, odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan iloji boricha saqlanishini so‘rab qolamiz. Tibbiyot niqoblari hozirda kasallikdan himoyalanishda eng samarali vosita bo‘lib turibdi. Ularni muntazam taqib yurish talab etiladi. Shamollash alomatlari sezilgan dastlabki kunlardanoq shifokorga murojaat qilish va uni oldini olish choralarini ko‘rishni maslahat beramiz. Profilaktika maqsadida ko‘proq tomoqni chayib turish, S vitamini bilan to‘yingan mahsulotlar, shuningdek, na’matakli, limonli va boshqa giyohli damlamalarni muntazam iste’mol qilib turishni tavsiya etamiz", - deyiladi SSV xabarida.