TOShKENT, 29 sen - Sputnik. O‘zbekiston TIV so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1-oktabridan ochilishi haqida tarqatilayotgan xabarlarga ishonmaslikka chaqirmoqda.
"O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatonalari xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1-oktabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida O‘zbekistonga qaytish to‘g‘risida turli e’lonlar tarqatmoqdalar. Hamurtlarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘raymiz. Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala bo‘yicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishi haqida ma’lum qilamiz", - deyiladi xabarda.
Hozirda vatanga qaytishni istagidagi O‘zbekiston fuqarolari uchun avia, temir yo‘l va avtobus charter qatnovlari tashkil etilmoqda. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda.
Shuningdek, TIV 29-sentabr holatiga ko‘ra Samara viloyatining "Kinel", Rostov viloyatining "Pervomayskaya" va "Lixaya" temir yo‘l stansiyalari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmayotgani haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etgan.
"Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.
Rossiya hududida bo‘lgan vatandoshlarimizdan joylarda to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz", - deyiladi TIV murojaatida.