TOShKENT, 24 sen - Sputnik. YuNESKO O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xivada xalqaro madaniy forum o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi chiqishidan so‘ng tashkilot bosh direktori Odri Azule o‘z tvitterida O‘zbekiston prezidenti tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
"Men Prezident Mirziyoyevning 2021-yilda Xivada Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro madaniy forum o‘tkazish tashabbusini mamnuniyat bilan qabul qilaman", - deb yozdi Odri Azule.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-23 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida dunyo hamjamiyati e’tiborini Orolbo‘yi hududidagi ekologik falokatga qaratgan edi.
Xususan O‘zbekiston prezidenti Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilishni hamda 2021-yilda YuNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirgan edi.
I welcome Pr Mirziyoyev’s initiative on hosting International Cultural Forum on Central Asia in Khiva in 2021. #culture https://t.co/Ke0QYHpwBi
— Audrey Azoulay (@AAzoulay) September 23, 2020