TOShKENT, 1 avg - Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi – O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yashagan Musa Yerniyazovda joriy yil 24-iyun kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga yotqizilgan.
Senatorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir, poliorgan, o‘tkir jigar va buyrak yetishmovchiliklari, bosh miya shishi, insult kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Bemor bir necha yildan buyon qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, kecha o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Musa Tajetdinovich Yerniyazov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatida mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga ulkan hissa qo‘shgan, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘lida ayniqsa faollik ko‘rsatgan.
Musa Yerniyazovning davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlangan. U "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi" va "O‘zbekiston qahramoni" degan yuksak unvonlar bilan mukofotlangan.