TOShKENT, 14-may - Sputnik. O‘zbekistonlik xonanda Lola Yo‘ldosheva otasi bilan bo‘lgan so‘nggi muloqotni yodga oldi. Bu haqda xonanda Instagramda post qoldirgan.
San’atkorning Instagramdagi kuzatuvchilaridan biri unga otasi haqida so‘zlab berishni so‘ragan.
"Dadam sochlarining uchiga qadar intelligent inson edilar. U kishi juda aqlli edi. Juda saxiy va noyob iqtidor egasi. O‘ta bosiq, hamisha yoqimli mayin ovozda gapirardilar. Meni nazarimda, dunyoda u kishi javobini bilmaydigan va dono maslahat bera oladigan savolning o‘zi yo‘q edi. Men shaxsiy hayotimda ham, ijodim masalasida ham u kishiga maslahat olgani murojaat qilar edim. Dadam men suyanadigan tog‘ edilar. U kishi o‘zlarini yaxshi ko‘rardilar, hamisha e’tibor qaratardilar, hamisha yaxshi kiyinib yurardilar, didlari juda nozik va baland edi... Dadam ko‘z yoradigan mahalimda albatta yonimda bo‘lishga va’da bergandilar va men u kishining kelishlarini intiqlik bilan kutayotgan edim... Dadam bilan oxirgi u kishining vafotlaridan bir kun oldin gaplashganman... Hech birimiz o‘shanda bu so‘nggi suhbatimiz ekanligini hatto xayolimizga keltirmaganmiz", - deb hikoya qilgan Lola.
Eslatib o‘tamiz, Lola Yo‘loshevaning otasi Ravshan Yo‘ldoshev 2020-yil 30-mart kuni vafot etgan edi.
Yo‘ldoshev afsonaviy Tarona Records studiyasi asoschisi, shuningdek, xonanda Zilola Musayeva (Shaxzoda)ning sobiq turmush o‘rtog‘i.