TOShKENT, 5-may — Sputnik. Oqoltin tumanida favqulodda vaziyat hududida qolib ketgan ikki fuqaro vertolot yordamida qutqarildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ularning biri 1985-yilda tug‘ilgan bo‘lib, bitta oyog‘i jarohatlangan. 24 yoshli ikkinchi fuqaroning tana harorati ko‘tarilgan.
Qidiruv davomida topilgan bu ikki fuqaro zudlik bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Mudofaa vazirligining harbiy mobil tibbiy markaziga olib kelingan va ularga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, ular Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli vertolot yordamida qutqarilgan. Fuqarolarni qutqarishda podpolkovnik Rahimjon Ergashev, kapitan Farhod Sharipov va kapitan Muzaffar Mamatov yaqindan yordam bergan.