TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus tarqalishi fonida ko‘plab feyk xabarlar paydo bo‘lmoqda, bu haqda Telegram’da ochilgan Koronavirus Info guruhi xabar berdi.
Xususan,
- “Koronavirus infeksiyasini Andijon viloyati hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish” bo‘yicha viloyat shtabi bergan ma’lumotlarga ko‘ra “Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi 14 nafar fuqarolar koronavirus aniqlangan shifokor ayol bilan Fransiyadan bir samolyotda uchib kelganligi hamda ular nazoratda ekanligi” to‘g‘risidagi xabar;
-“Koronavirus o‘pkaga o‘tishidan avval, tomoqda 4 kungacha saqlanib turadi, shu paytda yo‘tal va tomoq og‘riq boshlanadi. Agar shu davrda ko‘p suv ichilsa, tuz va uksusli suvda tomoq chayqalsa, virus yo‘qoladi” mazmunida tarqalayotgan xabar;
- "Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va 23:00dan so‘ng ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi", degan xabar;
- "Do‘konlarda, avtobuslarda va ko‘chalarda bolalar aniqlansa, ota-onalari jarimaga tortiladi", degan xabar;
- "Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ertadan boshlab maktablarda reydlar o‘tkaziladi. Maktabda qo‘shimcha darslar yoki to‘garaklarda ishtirok etayotgan o‘quvchilar aniqlansa, maktablar jarimaga tortiladi", degan xabar;
Bularning barchasi axborot bosimi, yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaygan xabarlar.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar, materiallar, feyk xabarlar va umuman, ishonchsiz axborotni har qanday shaklda tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.