TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Alisher Mirsoatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining yangi raisi saylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar qildi.
Ushbu qaror qo‘mitadagi O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, unda federatsiyaning yangi rahbarligiga O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov nomzodi ilgari surilgan va nomzod bir ovozdan ma’qullangan.
“Yangi rahbaringizdagi ulkan tajriba bilan yuksak natijalarga erishishingizga ishonaman. Shu bilan birgalikda federatsiyani uzoq yillar davomida boshqarib kelgan Rustam Inoyatovga ham alohida minnatdorchilik izhor etaman. Aynan shu kishining boshqaruvida tennis federatsiyasida ish darhaqiqat professional tarzda yo‘lga qo‘yildi. Shu munosabat bilan ijozatingiz bilan Rustam Rasulevichni federatsiyaning faxriy prezidenti etib saylash taklifini kiritaman”, – dedi MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov.
O‘z navbatida konferensiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan ma’qullashdi va Rustam Inoyatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining faxriy prezidenti etib saylandi.