TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Xongul, Buxoro bug‘isi shoxlarini qo‘shni davlatga olib chiqayotgan fuqaro ushlandi.
Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaro Surxondaryo viloyatidagi “Bobotog‘” chegara bojxona punktida tekshiruvidan o‘tkazilgan.
Natijada unga tegishli bo‘lgan sumka ichidan tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan, deklaratsiyalanmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 3 dona O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kiyik (Xongul, Buxoro bug‘isi) shoxlari borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, o‘ljalar, tulumlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshiriladi.