TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF) hamda O‘zbekiston dzudo federatsiyasi mamlakatda yigirmata umumta’lim maktabida “Maktablarda dzudo” dasturini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda XTV axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15-yanvarida Xalq ta’limi vazirligi, Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF), O‘zbekiston dzudo federatsiyasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbarlari ishtirokida “Maktablarda dzudo” dasturi bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Bitimga ko‘ra, Xalqaro dzudo federatsiyasi loyihasi asosida 5-12 yoshli bolalarning ijtimoiy, ta’limiy va jismoniy ko‘nikmalari duzdo orqali rivojlantiriladi.
Hozirda mazkur dastur mamlakatning turli hududlaridagi 20 ta maktabni qamrab olib, 900 nafarga yaqin o‘quvchilarning dzudo bilan shug‘ullanishi uchun to‘garaklar tashkil etilgan.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishida moddiy va maslahat ko‘magini berishni Xalqaro dzudo federatsiyasi o‘z zimmasiga olgan.
Shunga ko‘ra IJF maktablarni tatami va kimono bilan ta’minlaydi, murabbiylarga haq to‘laydi. Dastur bo‘yicha joriy etilgan maktablar soni 40 taga yetadi.
Shuningdek, bitimni imzolash marosimida Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.