Mirziyoyev 21-oktabrni "O‘zbek tili bayrami kuni"ni etib belgiladi

Obuna bo‘lish
"Toshkent Siti" majmuasida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mirziyoyev o‘z nutii avvalida, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili o‘zbek xalqi uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligi timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

"Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin", - dedi prezident.

 

 

O‘zbekiston rahbari davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida bugun mamlakatda yana bir muhim qadam qo‘yilganini e’lon qildi.

"Men bugun "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonga imzo chekdim. Unga binoan "Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi yurtimizda "O‘zbek tili bayrami kuni" deb belgilandi", - deya e’lon qildi prezident.

Yangiliklar lentasi
0