TOShKENT, 6 sen - Sputnik. Sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxati Adliya vazirligi va Oliy sud rasmiy veb-saytlarida va boshqa OAVlarda e’lon qilib, yangilab boriladi.
Bu O‘zbekiston prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Qarorga muvofiq jamiyatda vijdon erkinligi kafolatlari va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha soha uchun mas’ul organlarning mustahkam va doimiy hamkorligini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etiladi.
O‘zbekistonda ekstremistik tashkilot nomlari ro‘yxati ma’lum qilindi
Din sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, vazifalari va prinsiplarini keng jamoatchilikka tushuntirish, vijdon erkinligi kafolatlari buzilishi holatlariga nisbatan tezkor choralar ko‘rish yangi tizim doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan etib belgilandi.
Shuningdek, qaror bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yangilangan asosiy vazifalari belgilandi.
Qo‘mita vijdon erkinligi va din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi, dinning asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish maqsadida barcha davlat va nodavlat notijorat tashkilotlariga bu boradagi faoliyatni amalga oshirishda ko‘maklashadi.