TOShKENT, 6 sen - Sputnik. O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining rasmiy sayti ishga tushirildi. Bu haqda UZINFOCOM kompaniyasi – portal yaratuvchisi xabar qildi.
Mazkur sayt Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi faoliyatini ochiqlik va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekistonda bo‘lish tartibi hamda fuqarolarning mamlakatdan chetga chiqish uchun viza stikerlarini rasmiylashtirish tartibi bilan tanishtirish va ma’lumot berish maqsadida joriy etilgan.
Saytning o‘zbek va rus tillaridagi talqini mavjud, shuningdek, kengaytirilgan qidiruv tizimi, mobil vositalaridan foydalanish uchun moslashtirilgan dizayn, shu bilan birga imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus funksiyalar (kontrast, shrift hajmini kattalashtirish va ovozli hamroh) yaratilgan.
Virtual qabulxona bo‘limi orqali fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan masala, shikoyat va takliflarini IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llashlari mumkin.