TOShKENT, 5 sen – Sputnik. “Orol dengizining suvi qurigan hududlarida “Yashil qoplamalar”– himoya o‘rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish hamda Mo‘ynoq shahrini ko‘kalamzorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.
“O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Orol dengizining suvi qurigan tubida “Yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etishni davom ettirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin”, - deyilgan xabarda.
“Yashil qoplamalar” barpo etish uchun tizim tashkilotlaridan ko‘shimcha 1000 nafar xodim jalb etish; ishchilarni oziq-ovqat va maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlash; cho‘l o‘simliklari urug‘larini zaxirasini jamg‘arishni va ekish uchun uzluksiz yetkazib berish; zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari bilan ta’minlashni; aviatsiya, aloqa va boshqa xizmatlarini jalb etish; zaruriy texnika va asbob-uskunalarni sotib olish tadbirlarini muvofiqlashtirib borish belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, “Yashil qoplamalar” barpo etishdagi tashkiliy masalalarni hal etish uchun zaruratga ko‘ra kichik aerodromlar tashkil etilishi mumkin.
2018 yil qish va 2019-yil bahor mavsumlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tashabbusi bilan 2 ta samolyot, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat hokimliklari tashabbusi bilan 500 ta texnika va 2000 nafar ishchi-xodimlar jalb etildi.
Natijada, ushbu hududda 1126 ming gektar maydon ekishga tayyorlanib, 461 ming gektarda o‘rmon barpo qilish ishlari amalga oshirildi, jumladan 93 km masofada himoya to‘siqlari tashkil etilib, kelgusi ekish mavsumlarida ushbu hududdagi ekish ishlarini davom ettirish uchun 420 gektar maydonda saksovul niholxonalari tashkil etildi.