TOShKENT, 1 sen – Sputnik. Bugun soat 12:00dan “O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘z efirlarini uzatishni boshladi, deb xabar qildi O‘zA.
Yangi telekanal “UzHD” telekanali negizida tashkil qilindi va u 5 yo‘nalishda faoliyat yuritadi. Har bir yo‘nalish 5 tahririyat tomonidan amalga oshiriladi: “O‘zbekiston tarixi“, “Jahon tarixi va sivilizatsiya“, “Arxeologiya va muzeylar“, “Ilmiy-ommabop filmlar“ tahririyatlari hamda “Tezkor dublyaj“ studiyasi, deyilgan xabarda.
Har bir tarkibiy bo‘linma qoshida FA bilan Memorandum doirasidagi kelishuvga asosan Ekspertlar kengashi faoliyat yuritadi. Shuningdek, shtat asosida ilmiy kotib va maslahatchi ishlaydi.
Qaror bilan yuklangan ustuvor vazifa - munozara maydonchasi tashkil qilingan, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bahs imkonini beruvchi yuqori tiniqlikda ishlovchi studiya ajratilgan.
Shuningdek, davra suhbati, intervyularga mo‘ljallangan kichik studiya hamda akademik dars uchun zamonaviy jihozlangan sinf xonasi tashkil qilingan. Dasturlar HD formatda, 24 soat uzluksiz efirga uzatiladi.