TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Farg‘onada institut talabasini bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tkazib qo‘yish uchun 3000 dollar so‘ragan o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona politexnika instituti o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i M.A. fuqaro N.K.ning mazkur institutning 1-kursida “Qurilish” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan kelinining o‘qishini vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali “Iqtisodiyot” yo‘nalishiga ko‘chirib berish evaziga 3 ming dollar talab qilgan.
Qayd etilishicha, shundan, 1,5 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalilar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.