TOShKENT, 26 fev – Sputnik. Qo‘qon shahrida salqam 60-yil davomida yopiq bo‘lgan yo‘l bugun ochildi, deb xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.
Qo‘qon shahridagi Davronbek mahallasining Burchilik hamda Ashurali Zohiriy mahallasining Guzar ko‘chalaridagi temir yo‘l kesishmasidan o‘tuvchi yo‘l qayta ochilib, transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘l Tojikiston orqali Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga olib boradi.
Burchilik ko‘chasidagi temir yo‘l kesishmasida yo‘lni to‘sib turgan barcha kommunikatsiya tizimlari boshqa hududga ko‘chirildi. Yo‘l kengaytirilib, yangi asfalt qoplamasi yotqizildi. Navbatchilik xonasi qurilib, avtoshlagbaum, svetofor, qo‘riqlash va yoritish tizimlari o‘rnatildi.
Temir yo‘l kesishmasi 800 metr uzoqlikdan poyezd kelayotgani haqida xabar beruvchi signal tizimi bilan ta’minlandi.
Yo‘l ochilishi bilan bir vaqtda Xo‘jand nimstansiyasiga 7500 kVt kuchlanishli yangi transformator o‘rnatilishi natijasida yuzlab xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi.