TOShKENT, 26 fev - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Prezidentlar telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
Mirziyoyev suhbat avvalida Turkiya prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirgan.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etganlar.
Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhimligini qayd etilgan.
Muloqot so‘ngida prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganlar.