TOShKENT, 14 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27-yilligi munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlash tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Marosimda Qurolli Kuchlar safida va davlat idoralarida ko‘p yillardan buyon munosib xizmat qilib kelayotgan harbiylar va rahbar xodimlarning bir guruhiga general unvonlari berilishi ma’lum qilindi.
“General bo‘lish har bir harbiy xizmatchining muqaddas orzusi. Sizlarni ana shunday yuksak unvonga erishganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Lekin shuni doim yodda tutishimiz kerakki, harbiy xizmatda va davlat boshqaruvida bundan ham yuqori martaba, bundan ham oliy unvon bor. Bu – xalqimiz, Vatanimizning ishonchiga, o‘z muqaddas burchiga doimo sodiq va munosib bo‘lishdir”, – dedi Shavkat Mirziyoyev marosimda.
Undan tashqari marosimda, prezident harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi. Mukofotlanganlar yuksak e’tibori, harbiylar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishdi.
“Sizlarning yurakdan bildirgan fikrlaringizni eshitib, Vatanimiz himoyasi haqiqatan ham sodiq va mard, fidoyi insonlar qo‘lida ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yurtimiz osoyishtaligi va xavfsizligini saqlashdek mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman, – dedi Prezident minnatdorlik so‘zlariga javoban.
Maqolaning to‘liq matni bilan prezident rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.