TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati (HAN) inspeksiyasi Chirchiq garnizonida joriy yilning avgust oyida o‘tkaziladigan Xalqaro armiya o‘yinlarida "Yo‘l patruli" musobaqasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati vakili.
Ta’kidlanishicha, tayyorgarlik dasturi doirasida savob ishlarga qo‘l urilgan — HAN inspeksiyasi tashabbusi bilan Chirchiq shahrida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari holidan xabar olingan.
Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi HAN xodimlari bilan o‘quv yig‘ini tashkil etildi. Unda istiqboldagi rejalar, harbiy avtomobillarning xavfsiz harakatini ta’minlash choralari, bartaraf etilishi kerak bo‘lgan kamchiliklar hamda ArMI-2018 doirasida o‘tkaziladigan "Yo‘l patruli" halqaro musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar xususida vazifalar belgilandi.
Yig‘indan so‘ng "Chirchiq" poligonida "Yo‘l patruli" musobaqasi ishtirokchilari saralash sinovlaridan o‘tkazildi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, musobaqa qatnashchisi shaxsiy qurol va bronejilet kiyib, maxsus avtomobil yordamida 3700 metrdan iborat bo‘lgan xavfli burilish, qiyalik, ekstremal estakada va ishora ko‘rsatkichlari bilan ajratilgan yo‘lakdan harakatlandi. U belgilangan hududda to‘xtab, turli usullarda nishonga qarata pistoletdan o‘q uzdi. Keyin temir yo‘l kesishmasidan o‘tib, bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Huddi shu tartibda yana harakatlanib, yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etdi. Jamoalarning uch nafar a’zosi mazkur masofani yakka tartibda bosib o‘tgan bo‘lsa, qolgan ikki nafari (ulardan biri jamoa sardori) avtomobilda texnik meyorlarni bajardi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ball jamg‘argan kapitan Dilshod Toshpo‘latov, serjantlar Abdulla Xakimov, Siddiq A’zamov, Farxod Musayev va Avaz Yoqubov (texnik nazoratchi Ikrom Alimov) nufuzli musobaqada ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga Mudofaa vazirligining esdalik sovg‘alari topshirildi.