TOShKENT, 25-may – Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Ispaniya milliy chempionati La liga o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik memorandumiga La liganing “Osiyo davlatlari bilan aloqalar” bo‘limi boshlig‘i Xais Raxmani va “Musobaqalar va turnirlar tashkil qilish” bo‘limi boshlig‘i Raul Oxeda O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xais Raxmani va Raul Oxeda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi vakillari va mamlakat milliy chempionatida ishtirok etayotgan klublar xodimlari uchun seminar o‘tkazishadi.
Seminarda milliy chempionat o‘yinlarini tashkil qilishda ahamiyat qaratish kerak bo‘lgan jihatlar, marketing masalalari, homiylar bilan ishlash, muxlislarni stadionlarga jalb qilish kabi mavzularda fikr almashilinadi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov La liga bo‘lim boshliqlari bilan uchrashuvda o‘zbek futboli rivoji yo‘lida Ispaniya tajribasini o‘rganish asosiy maqsad ekanini aytib o‘tdi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun La liga tomonidan mutaxassislarni jalb qilish, ular tomonidan seminarlar tashkil qilish, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlariga ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy maslahatlar zarurligini bildirdi.
La liga vakillari o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shishga, mutaxassislarni O‘zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.