TOShKENT, 9 apr — Sputnik. Afg‘oniston o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston va Qirg‘iziston orqali Xitoyga yetkazadi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Kelishuvlar Toshkentda Afg‘oniston transport vaziri Muxammad Xamid Taxmasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida erishildi.
Yuklarni tashish uchun Toshkent — Andijon — O‘sh — Irkentam — Qashg‘ar yangi transport koridoridan foydalaniladi. Qirg‘izistondagi Sari-Tosh qishlog‘idan o‘tadigan yo‘l va Irkeshtam davoni Farg‘ona vodiysidan Xitoyga eng qisqa avtomobil yo‘l hisoblanadi.
Afg‘oniston o‘z yuklarini Mozori-Sharifdan Andijongacha barpo etilgan temir yo‘l orqali jo‘natmoqchi. So‘ng ularni O‘zbekiston va Qirg‘iziston orqali avtomobil tranzit koridori orqali Qashg‘arga jo‘natish uchun yuk tashuvchi mashinalarga yuklanadi.
Eksport-import qiluvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Andijon viloyatida Axtachi stansiyasida trasport-logistika markazi tashkil qilindi. Ushbu markaz O‘zbekistonning barcha viloyatlardan temir yo‘l transportida kelgan yuklarni avtotransportga yuklab, Xitoyga jo‘natish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, tomonlar "Termez kargo" xalqaro logistik markazni Afg‘oniston korxonalari tomonidan yetishtirilgan meva va sabzavotlarni uchinchi mamlakatlar uchun qayta ishlash va eksport qilish uchun saralash va qadoqlash liniyalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
"Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ikki davlatlarning tranzit sohasidagi salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ahamiyati haqida ta’kidlab o‘tildi. Bu o‘z navbatida shu yilning o‘zida ikki tomonlama tovar aylanuvini 1 milliardga yetkazish bo‘yicha shartnomalar va boshqa tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga yordam beradi", — deb ta’kidlashdi Tashqi savdo vazirligida.
Shuningdek, mamlakatlar "Mozori-Sharif-Xirot" temir yo‘li qurilish ishlarini jadalashtirishmoqchi. Muzokaralar davomida moliyalashtirishni jalb qilish uchun bu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanmasini o‘z vaqtida tayyorlash zarurligi ta’kidlab o‘tildi.