TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Toshturma buzib tashlanadi, deb xabar qildi Telegrammdagi huquqiy axborot kanali.
Ma’lumot berilishicha, hukumatning 2018-yil 22-mart kunidagi farmoyishiga asosan Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan 1-son hibsxonasi joylashgan bino va inshootlar Toshkent shahar hokimligiga o‘tadi.
Toshkent shahar hokimligiga mazkur obyektni uch oy muddatda buzish va buzishdan bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma obyektlari mavjud bo‘lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, xalq orasida "Toshturma" nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur hibsxona yanvar oyida Zangiota tumaniga ko‘chirilgan edi.