TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. 2018 yil 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aktubinsk viloyati Irgiz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan va 5 kishi jabrlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida maxsus Hukumat komissiyasi tashkil etildi. Komissiya tarkibi Tashqi ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar vakillaridan iborat.
Maxsus Hukumat komissiyasiga Qozog‘iston vakillari bilan birgalikda ushbu favqulodda hodisaning sabablarini aniqlash, mamlakatimiz fuqarolarining shaxsini aniqlash, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni mamlakatimizga olib kelish, ularning oilalariga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
2018 yil 18-yanvar kuni maxsus Hukumat komissiyasi a’zolari belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun maxsus samolyotda Toshkentdan Qozog‘istonning Aktubinsk shahriga jo‘nab ketdi.