TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekistondagi bir qator sportga ixtisoslashtirilgan sayt va ijtimoiy tarmoqlarda "Neftchi" klubining tarqatib yuborilishi yoki klubning bosh homiysi FNQIZ jamoa xodimlarini ishdan olgani haqidagi xabarlar to‘liq asossiz, deb bayonot berdi klub matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 29-dekabr kuni Qirgulidagi qarorgohda FNQIZ va klub xodimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan hamda zavod rahbariyati jamoa vakillarini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklagan.
"Shundan so‘ng kun tartibidagi ikkinchi masalaga to‘xtalib o‘tildi. Ya’ni yanvar oyidan boshlab "Neftchi" klubida yangi shtat setkasi ishlab chiqiladi. Shu sababli, bugungi kunga qadar jamoada mehnat qilib kelgan barcha ishchi-xodimlar FNQIZ ixtiyoriga o‘tkazildi. Ular mehnat jarayonlarini zavod xodimi sifatida davom ettirishlari mumkin bo‘ladi", deyiladi matbuot xizmati tomonidan.
Bayonotga ko‘ra, "Neftchi" klubi rahbariyati yanvar oyidan boshlab yangi shtat setkasi asosida bir qator xodimlarni yana klubga qaytaradi. Jamoa futbolchilari ayni paytda ta’tilga chiqishgan. "Neftchi" futbolchilari 5-yanvardan tayyorgarlikni boshlashadi. 10-yanvargacha esa tayyorgarlikning navbatdagi bosqich rejasiga aniqlik kiritiladi.