To‘yxona va bozorga aylantirilgan kinoteatrlar faoliyati tiklanadi

© Sputnik / V. Kovrein / Mediabankka o‘tishZritelniy zal v tashkentskom Dome kino
Zritelniy zal v tashkentskom Dome kino - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Respublikada mavjud bo‘lgan kinoteatrlarning asosiy qismi savdo majmuasi, to‘yxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul o‘zgartirilgan yoki buzib tashlangan

TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"Dunyo miqyosida turli g‘oya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar o‘rtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy san’at bo‘lgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak", deb ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligini alohida qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1996-yilga qadar respublikada mavjud bo‘lgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi o‘tgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgan. Ularning asosiy qismi savdo majmuasi, to‘yxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul o‘zgartirilgan yoki buzib tashlangan. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida, 65 tasi jiddiy ta’mirtalab, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat ko‘rsatmaydi.

Kinoplenka - Sputnik O‘zbekiston
Alisher Navoiy kinosaroyida retro filmlar namoyishi boshlanmoqda

Ana shulardan kelib chiqqan holda, viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qat’iy yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgani tanqid qilindi.

"Biz buyuk xalqimizni ulug‘lamoqchi, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 7-avgustda prezidentning "Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi.

Yangiliklar lentasi
0