TOShKENT, 23 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Koreya Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Pak Yongman bilan uchrashdi.
"Bizda Koreya biznesi uchun taklif etadigan narsalar ko‘p. Bugungi kunda mamlakatimizga ishonchni oshirish, uzoq muddatli va barqaror siyosatni amalga oshirish, ochiq biznes va investitsiya muhitini yaratish orqali investorlarni jalb etishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rilayotganini ta’kidlashni istardim. Bu kelgusi besh yil uchun O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir", — deb ta’kidladi Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti koreys kompaniyalari bilan ochiq va oshkora hamkorlik qilish niyatida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
"Men sizning investitsiyalaringizning ishonchli himoyasini, mol-mulkingiz daxlsizligini va daromadni erkin o‘tkazishingizni kafolatlayman.
Biz shuni aniq tushunamizki, biznes o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak. Har bir koreyalik sarmoyador bizning bozorda mamnuniyat bilan ishlagan holda, o‘ziga foyda olish bilan birga yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shishi kerak.
Biz Koreya kompaniyalari uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berayotganimizni ta’kidlayman va biz sizni O‘zbekistonda uzoq muddatli hamkorlar sifatida ko‘rishni istashimizni aytib o‘tmoqchiman.
Bu shunchaki so‘zlar emas. Bu mening siyosiy irodam, mening qat’iy va o‘zgarmas pozitsiyam", — deb ta’kidladi Mirziyoyev.
O‘z nutqi yakunida O‘zbekiston rahbari O‘zbekiston koreya biznesi uchun o‘z eshiklarini keng ochganini ma’lum qildi.
"Men va O‘zbekiston hukumati har bir koreys investoriga birgalikdagi loyihalarimizda har tomonlama ko‘mak beramiz va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunga shubha yo‘q". — dedi Mirziyoyev.