TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Novaya Moskvada yosh o‘zbekistonlik o‘limida ayblanayotgan erkak hibsga olindi.
Rossiya Tergov Qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2017-yilning 13-oktabrida Gubsevo qishlog‘ida 26 yashar Rossiya fuqarosi va 24 yashar o‘zbekistonlik sartarosh o‘rtasida mojaro yuz bergan.
Janjal davomida ayblanuvchi uchi o‘tkir uzunchoq shakldagi temir yordamida O‘zbekiston fuqarosining ko‘krak qismiga kamida 4 marotaba zarba bergan. Shundan so‘ng hodisa joyidan yashiringan. Olingan jarohatlar natijasida jabrlanuvchi joyida vafot etgan.
"Gumondor o‘ta qisqa vaqt oralig‘ida qo‘lga olingan. So‘roq vaqtida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va ko‘rsatma berdi", — deb xabar qilgan Rossiya Tergov qo‘mitasi bosh tergov boshqarmasi rasmiy xodimi Yuliya Ivanova.
Jinoiy ish ishtirokchisiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Federatsiya kengashi senatori Anton Belyakov o‘zining Facebookdagi sahifasida vafot etgan yigit Rossiyaga O‘zbekistondan kelgani va sartarosh bo‘lib ishlaganligi haqida yozgan. Xabarga ko‘ra, sartarosh payshanba kuni kechqurun ayblanuvchining sochini olgan, ertasi kuni mijoz qaytib kelib, soch turmagi unga yoqmaganligini ma’lum qilgan. Yigit soch turmagida unga aynan nima yoqmayotganini tushuntirib bera olmagan, shunday bo‘lsa-da sartarosh "xato"ni tuzatishga harakat qilgan.
"Natijadan qoniqmagan esi past mahluq yigitni ko‘chaga olib chiqqan va oldindan tayyorlab qo‘yilgan shampur yordamida o‘zini "xafa qilgan" yigitning yuragiga uch marta zarba bergan… Jabrdiydani ko‘chada qoldirib bir necha qadam yurgan qotil, ortiga burilgan va yigit hali jon bermaganligini ko‘rib, ishni oxiriga yetkazish uchun ortga qaytgan", — deb yozgan Belyakov.