TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Bugun Ahmadjon Odilov vafot etibdi deb eshitdim. U kishi haqida yaxshi-yomon narsalarni ko‘p eshitganmiz. Quyida uzoq 1983-84 yillarda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan, real voqealarga asoslangan, hikoyani e’tiboringizga havola etamiz. Abdujabbor Abdujalilov hikoyasi.
Abdujabbor Abdujalilov — Tojikiston SSR Prokuraturasi Alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, Gdlyan va Ivanovlar tergov guruhi a’zosi.
“Napoleon kasaliga” chalingan Gdlyan va “ishtoni yo‘q” Ivanov haqida
Kecha beshinchi kanaldan Dumaning sobiq deputati Nikolay Ivanovni ko‘rsatishdi. U yerda Ivanov korrupsiya muammolari haqida o‘zining uzundan-uzoq va noaniq mulohazalari bilan bo‘lishdi. O‘ziga bino qo‘ygan Ivanov shunchalik og‘iz ko‘pirtirib gapirdiki, nafratim qo‘zib ketganidan o‘zimni yomon his qila boshladim…
Aslida, men o‘tmishni kavlashtirish tarafdori emasman, lekin Gdlyan va Ivanovlar mening o‘tmishimning bir qismi. Bir vaqtlar ular bilan birga ishlashga majbur bo‘lganman. Bir kun kelib odamlar “Ha, Abdujabbor sen ham o‘shalar bilan hamtovoq eding”, demasliklari uchun uchun ushbu hikoyani yozishga qaror qildim.
1983 yil, Tojikiston Respublikasi prokuraturasida Alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi vazifasida ishlar edim. Turkmaniston va boshqa respublikalar rahbariyatiga oid bir necha jinoiy ishlarni tekshirishda tajribam bo‘lgani tufayli, SSSR Prokuraturasi meni ham “Paxta ishi” yoki “O‘zbeklar ishi” deb nomlangan jinoiy ishni tekshiruvchi guruhga qo‘shib yubordi.
Telman Xorenovich Gdlyanni o‘sha vaqtlarda hech kim tanimasdi. Ittifoq miqyosida Gdlyan 1981-yilda faqat bir muhim jinoiy ishni ochgan edi. (U Estoniyalik mashhur injener olim Ioxanes Xintni korrupsiyada ayblab qamagan. Xint qamoqda o‘lgan. Bir necha yil o‘tib esa ish qayta ko‘rib chiqilib u oqlangan edi. Tahr.)
Nikolay Veniaminovich Ivanov esa 1983-yilga qadar hech nimasi bilan tanilmagan. U faqat Gdlyan bilan olim Xintning ishi bo‘yicha ishlagan xolos.
O‘sha vaqtlarda, ko‘p kishi, rahbariyat aralashgan jinoiy ishlarni tekshirish uchun faqat eng yaxshi tergovchilar tanlab olinar edi. Ular barcha respublikalardan saralab olinar edi. Prokuraturalarda ishlayotgan Alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilar jinoyatning aniq tafsilotlarini yozib chiqishar, lekin ayblovchi hukmni Tergov guruhi rahbari imzolar edi. Asosiy ishni bajargani uchun ularni tergovning “ishchi otlari” deyishardi.
1983 yilning dekabr oyida meni Gdlyanning yoniga yuborishdi. Men Toshkentga kechqurun yetib keldim, va Gdlyanni O‘zbekiston KGB binosi ichidan topdim. Tergov guruhi o‘sha yerda joylashib olgan edi. O‘sha vaqtda guruh 12 kishidan iborat edi. O‘sha kun kechqurun men Gdlyan va uning “jangovor o‘rinbosari” Ivanov bilan uchrashdim.
Ivanov seyfdan bir butilka aroq chiqardi. Uchchalamiz uni ichib tugatdik va yaxshilab tanishib oldik. Telman Xorenovich Gdlyan (laqabi “Xrenovich”) menga vazifalarimni tushuntirdi. Men Nikolay Ivanov (laqabi “Soqol”, “Supurgi”, “Yugurgdak”) guruhda hech qanday ish bajarmasligini tushundim.
Men “O‘zbeklar ishi”ning barcha tafsilotlarini sanab o‘tmoqchi emasman, lekin bir narsani aytaman. Men kelishim bilan Gruziya prokuraturasi Alohida muhim ishlar bo‘yiicha tergovchisi Moshiashvili guruhdan chiqishga ariza berdi. Biz u bilan oldin Leningradda malaka oshirishda birga bo‘lgan edik. Aeroportda kuzatayotib ikkimiz qolgan vaqtda, u menga sekingina, “Abdujalilov, bu ish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Xrenovichdan ketishga harakat qil. Bu ish yaxshilikka olib kelmaydi”, — dedi.
Keyinroq, ishning barcha tafislotlari bilan tanishganimdan keyin, men buning sababini bildim: jinoiy ishning asosi yo‘q edi. Mustahkam va ishonchli asosi yo‘q edi. Jinoiy ishga aloqador har qanday kishi bilan suhbat qilish – hamtovoqlik, birga ovqatlanish – jinoyat, deb hisoblanardi. Gunohsizlik prezumpsiyasi – mutlaq esdan chiqarilgan edi. Gdlyanning “Bularning hammasining “orqasi kir”, istalganini olib qamasang – adashmaysan”, degan gapi tez orada mashhur bo‘lib ketdi.
Har qanday jinoiy ish ma’lum qoidaga muvofiq tekshiriladi. Bu yerda esa hech qanday qoida yo‘q edi. O‘zbekiston prokurori Bo‘rixodjayev hali ayblanuvchining ismi ko‘rsatilmagan qarorga ham imzo chekaverardi. Gdlyanning yurtdoshi, guruh a’zosi Albert Kartashan hibsga olinganlardan istalgan ko‘rsatmalarni olish mahorati bilan nom chiqargan edi. Jinoiy ishda xolis guvohlar sifatida KGB tomonidan yollangan shaxslar ishtirok etardi. Men guruhda ishlagan yarim yil davomida hibsga olinganlardan uch nafari o‘z joniga qasd qildi, lekin buni hech kim sezmadi. Jinoiy ish yuzasidan musodara qilingan pullar, oltin tangalar, qimmatbaho buyumlar o‘z vaqtida bankka topshirilmas edi – buning o‘zi o‘ta qo‘pol ma’muriy qonunbuzarlik edi. Buning o‘rniga barcha qimmatbaho buyumlar tergovchilar seyflarida saqlanar edi.
Bir safar Gdlyan pul va oltinlarni Moskvaga olib borib SSSR Prokuraturasi foyesida “ko‘rgazma” uyushtirdi. Hatto o‘shanda ham, hech kim nega bu pullar bankka topshirilishi o‘rniga bu yerda, degan savol bermadi. Hammani “O‘zbeklar ishida” qandaydir yengil, oson muvaffaqiyat qozonish tuyg‘usi chulg‘ab olgan edi…
“Abdujabbor, men bilaman, sen ularga o‘xshamaysan. Tangalar soni MINGTA edi. Har bir banka ichida 500 tadan. Menga allaqancha tanga yashirishning nima keragi bor. Men roppa-rosa mingta tanga yashirganman! Ular kamroq yozishdi. Menga endi farqi yo‘q, lekin sen shuni bilki — ular o‘zlari uchun ishlayapti. Juda ochko‘zlik bilan ishlayapti”.
Bir necha marta yozgan raportlarim javobsiz qoldi. Buxoroda men yurak xuruji bilan yotib qoldim. So‘ng meni Dushanbega kardiomarkazga yuborishdi. Tuzalganimdan keyin yana Toshkentga jo‘natishdi. Toshkentga kelgan kunimdanoq yana kardiomarkazga tushib qoldim. U yerda meni ko‘rgan keksa yoshli professor “Yigitcha, sizning yuragingiz a’lo darajada ishlayapti. Sizning kasalingiz boshingizdan boshlanmoqda. Ish har doim ko‘p, lekin hayot bitta”, — dedi.
Misli ko‘rilmagan harakatlar bilan men Gdlyan guruhidan chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Bir necha yil o‘tib Kartashanni qamoqqa olishganini va Gdlyan va Ivanovlar usidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini eshitdim.
1989 yilda KGB vakili mendan nima sababdan Gdlyan va Ivanovlarning Toshkentda qilgan ishlarini bila turib ular haqida xabar bermaganimni so‘radi, lekin uning savoli javobsiz qoldi.
Bo‘yi bor-yo‘g‘i 157 sm bo‘lgan Telman Gdlyan «Napolen kasalligiga» chalingan edi. Boshqa tergovchilardan farqli ravishda u “O‘zbeklar ishi” uni ham mashhur ham boy qilishiga ishonar edi. Shu sabadan u hatto Armaniston bosh prokurori bo‘lish taklifini ham qabul qilmagan! Aniqrog‘i rozi bo‘lgan, faqat “O‘zbeklar ishi”ni davom ettirish sharti bilan! Gdlyan ushbu ishga kanadek yopishib olgan edi.
Keyinchalik Gdlyan va Ivanovlarning aybi isbotlanib ularni sudga tortmoqchi bo‘lishganda, ikkovlon darhol Armaniston respublikasidan deputatlik mandati olvolishgan. O‘sha vaqtlar deputatlar daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgani tufayli ular suddan qutilib qolgan. Ular o‘zlari orttirgan boylik va huquqiy imtiyozlaridan uzoq vaqt, balkim haligacha foydalanib kelishmoqda desam adashmayman.
Korrupsiya o‘zi juda murakkab hodisa. U dunyonig barcha mamlakatlarida bor. Faqat huquqni saqlash organlari kuchi bilan korrupsiyani yo‘q qilib bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham “ishtoni yo‘q” Ivanov televizorga chiqib olib “tizzasi yirtiq” korrupsionerlarni tanqid qilmasa ham bo‘lardi. Bunday ikkiyuzlamachilikdan ko‘nglim ozdi…