TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va "Astronomiya va aeronavtika" bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti qarori e’lon qilindi.
O‘zbekistonda astronomiya fanining jadal sur’atlarda rivojlanishi o‘rta asrlar davriga to‘g‘ri keladi.
O‘rta asrlar davrining buyuk mutafakkirlari Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa Mirzo Ulug‘bekning matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan.
"…O‘sib kelayotgan yosh avlodni astronomiyani o‘rganish bo‘yicha xalqimizning tarixiy an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aeronavtika faoliyati sohasidagi milliy va umumjahon ilm-fanining yangi yutuqlarini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishini rivojlantirish, yoshlarni aeronavtika fani va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Astronomiya instituti qoshida 200 o‘quvchi o‘rni va 150 o‘rinli turar joyiga ega bo‘lgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini (keyingi o‘rinlarda — maktab-internat) tashkil etish taklifiga rozilik berilsin", — deyilgan hujjat matnida.
Prezident qarori bilan Vazirlar Mahkamasiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilgan.
Toshkent shahar hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilishi Davlat qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda maktab-internat binosi va o‘quvchilar turar joyini qurish uchun joy ajratish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, Mirziyoyev qarorida Astronomiya instituti hududida "Astronomiya va aeronavtika" bog‘i va Planetariyani tashkil etish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasiga Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi, "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi va "Toshkent mexanika zavodi" AJ tasarrufidagi samolyot namunalarini bog‘da joylashtirish uchun ajratish vazifasi yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda maktab-internat va bog‘ni tashkil etish, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini kapital ta’mirlash bilan bog‘liq tashkiliy masalalar va moliyalashtirish manbalarini aniqlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.