TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston prokuraturasi huzuridagi departament va Milliy Xavfsizlik xizmati organlari tomonidan ko‘rilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 20 ming AQSh dollarini fuqaroga 8250 so‘mdan pullayotgan ikki noqonuniy valyutafurushlar qo‘lga olindi.
Xususan, fuqarolar Sardor G‘aniyev va Eldor Sharipov noqonuniy daromad olish maqsadida chet el valyutasini ayriboshlashni ko‘zlab, fuqaro Babayevaga valyuta mablag‘larini o‘tkazishni taklif qiladi. Ular har bir AQSh dollarini 8.250 so‘mdan hisoblab, jami 20.000 AQSh dollarini 165,0 mln. so‘mga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Ana shunday qonunbuzarlarning noqonuniy faoliyatiga O‘zbekiston prokuraturasi huzuridagi departemant va Milliy Xavfsizlik xizmati organlari tomonidan ko‘rilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasida o‘z vaqtida chek qo‘yildi.
Huquqbuzarlardan valyutalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Fuqaro G‘aniyevning boshqaruvida bo‘lgan "Lasetti" rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, noqonuniy muomalaga kiritish uchun mo‘ljallangan 6160 AQSh dollari borligi aniqlangan. Ushbu pul mablag‘lari ham ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.