TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev o‘zining Feysbukdagi sahifasida O‘zbekistonda Milliy sertifikat joriy etilgani haqida post e’lon qildi.
Yosh vazir o‘rinbosarining yozishicha, milliy baholash tizimidagi darajaga ega bo‘lgan abituriyentlar oliy o‘quv yurtiga kirishda chet tili fanidan test sinovlaridan ozod etiladi va ularga imtihonda mazkur fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.
"Hozirgacha bizda TOEFL, IELTSga o‘xshagan milliy baholash tizimi keng tan olinmagan va unda yetarlicha imtiyozlar yo‘q edi. Milliy baholash tizimini joriy etish zarurati va uni joriy qilish bo‘yicha mulohazalarimni shu yilning 30-iyun kuni Prezidentimiz oldida qilgan ma’ruzamda bildirgan edim. Mana shu takliflarimiz qabul qilinib, qonuniy kuchga kirdi", — deb yozgan xabarda u.
Sa’dullayev shu o‘zgarishga o‘z hissasi qo‘shilganidan xursandligini bildirgan.
Milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar quyidagi imtiyozlarga ega bo‘lishadi:
Chet tillarini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchi, talaba va pedagoglarga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida til o‘rganish amaliyotlari tashkil etiladi.
V2 va undan ortiq darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan ta’lim muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonlarida maksimal ball bilan baholanadi va sinovlardan ozod etiladi.