TOShKENT, 19 avg — Sputnik. O‘zbekistonda chet tillarini bilish darjasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot-xizmati.
Ta’kidlanishicha, buning uchun uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarini o‘zlashtirish darajasini davlat ta’lim standartlarida belgilangan "Tinglab tushunish" (Listening), "O‘qish" (Reading), "Yozish" (Writing), "Gapirish" (Speaking) ko‘nikmalari asosida baholab borish mexanizmi ishlab chiqiladi.
Qarorga ko‘ra 2018-yil 1-yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bulgan talabgorlarga sertifikatni olgandan boshlab 3-yilgacha quyidagi imtiyozlar beriladi:
Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi belgilangan darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari, abituriyentlar va bakalavrlarga ta’limning keyingi bosqichi uchun test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball beriladi va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etiladi.
Shuningdek, V2 va undan ortiq darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talim muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonlarida maksimal ball bilan baholanadi va sinovlardan ozod etiladi.
Sertifikat olish istagini bildirgan talabgorlar uchun talab hajmidan kelib chiqqan xolda tizimli ravishda hududlarda test sinovlari o‘tkaziladi.