TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Nijniy Novgoroddagi ommaviy mushtlashuvga ozarbayjonlik sotuvchi va o‘zbekistonlik xaridor o‘rtasida yuz bergan janjal sabab bo‘ldi. Bu haqda "Kommersant" nashri Ozarbayjon diasporasining vakiliga tayangan holda xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, janjalning kelib chiqishiga asosiy sabab o‘zbekistonlik xaridor o‘z avtomashinasi bilan ozarbayjonlik sotuvchining savdo joyini to‘sib qo‘yganligi bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik xaridor sotuvchini "ozarbayjonliklar ichida erkaklar yo‘q" deb haqorat qilgandan so‘ng sotuvchilar uni urishgan va bozordan chiqarib yuborishgan. O‘zbekistonlik esa bozorga qaytib kelishi va qasos olishi haqida va’da bergan.
16 avgust kuni o‘zbekistonlik xaridor bir guruh odamlar bilan bozorga qaytib kelgan. Guruhdagilar tojikistonliklar bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Ular bir necha mashinalarda kelishib, tosh, armatura va pichoqlar bilan qurollangan bo‘lgan. Shundan so‘ng, bozorda ommaviy mushtlashuv boshlangan. Huquq tartibot organlari xodimlari bozorga yetib kelishganida to‘qnashuv yakunlanib, ishtirokchilar qochib ketishgan bo‘lgan.
17 avgust kuni bozor kirish qismida bozor ishlamasligi haqida e’lon yozilgan. Bozor ishchilari meva va sabzovotlarni qo‘lda va aravalarda olib chiqmoqdalar.