TOShKENT, 17-avgust — Sputnik. Bangladesh TIV rahbari Shahriyar Alam boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi mamlakatda yuz bergan toshqinlar sababli qoldirildi.
Alam respublikaga ertaga tashrif buyurishi belgilangandi.
"O‘zaro kelishuvga ko‘ra Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Shahriyar Alam boshchiligidagi delegatsiyaning 2017-yil 18-avgustga belgilangan O‘zbekistonga tashrifi keyinroq muddatga qoldirildi. Tashrifning aniq sanasi diplomatik kanallar orqali aniqlanadi", — deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.
Bangladesh delegatsiyasi Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasida muzokaralar o‘tkazishi lozim edi.
Shuningdek, Alamning Buxoro, Samarqand va Toshkentning diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi ko‘zda tutilgandi.
Hozirda Bangladeshda kuchli jala yuz berishi oqibatida suv toshqinlari sodir bo‘ldi. OAV xabariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida kamida 27 kishi qurbon bo‘lgan.