TOShKENT, 17-avgust — Sputnik. Qirg‘iziston milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan so‘nggi raqamlar O‘zbekiston bilan savdo munosabatlarida muz joyidan ko‘chganligini har qanday chiroyli so‘zlardan ham ko‘ra yaqqolroq namoyish etadi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston.
Sabzavot, temir-tersak va avto ehtiyot qismlar – bular Qirg‘iziston O‘zbekistonga olib kiradigan asosiy narsalar. Hisobotga qaraganda, 2017-yilning 5 oyi davomida O‘zbekistonga made in KG mahsulotlari kirishi 40 foizga oshgan.
Qirg‘iziston bozorlarida esa O‘zbekiston o‘g‘itlari, mevalari va tekstil mahsulotlarini uchratish odatiy holga aylandi. Qirg‘iziston hududida sotilayotgan o‘zbek mahsulotlari bir yil ichida ikki baravarga oshgan.
Shunday qilib, O‘zbekiston Qirg‘izistonning savdo hamkorlari orasida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Shveysariya va Turkiyadan keyin oltinchi o‘rinni egalladi.
O‘zgarishlar shamoli qayoqdan esdi?
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston bilan savdo hajmining o‘sishiga ushbu mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning siyosati sabab bo‘ldi. Bozorlar, savdo korxonalari va xizmatlar sohasi Assotsiatsiyasi prezidenti Sergey Ponomarev ilgari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni muvaffaqiyatli deb atash qiyin bo‘lganini bildirdi.
"Ilgari chegaralar tez-tez yopilardi, ularni na odamlar, na mahsulotlar kesib o‘tardi. Bu Qorasuv bozoriga (Farg‘ona vodiysidagi eng yirik bozorlardan biri – tahr.) salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Yoqilg‘ini Qirg‘iziston shimolidan janubga avtotransportda dovonlar orqali olib borish bema’nilik, uni O‘zbekiston orqali temiryo‘l transportida tashish ancha arzon tushadi", - dedi iqtisodchi.
Ekspertlar O‘zbekistonda mamlakatga ilgari faqatgina maxsus kompaniyalar shug‘ullangan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishga bo‘lgan taqiq bekor qilinganligini aytishmoqda. Endilikda go‘sht, sut, meva-sabzavotlarni har qanday biznesmen olib kirishi mumkin.
Qirg‘izistondagi xorijiy investorlar assotsiatsiyasi direktori Iskender Sharsheyev O‘zbekiston yetakchisi mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lganligini qayd etdi.
"Bu o‘sishga ajablanmasa ham bo‘ladi. Yangi prezident savdo-sotiq uchun chegaralarni ochdi, Mirziyoyev aytgan barcha narsalar amalga oshmoqda. Yangi siyosat ochiq va anchagina muvozanatli. Agar shunday davom etilsa, bu O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta turtki bo‘ladi", -dedi ekspert.
Qirg‘iziston iqtisodiyoti uchun kuchli qo‘shni qanchalik xavfsiz?
Meva, sabzavot, tekstil, quritilgan mevalar va yong‘oq – bu O‘zbekiston faol sotadigan mahsulotlar. Diqqatga sazovor jihati, Qirg‘iziston ham xuddi shu narsalarni ishlab chiqaradi. Biroq mahalliy mahsulotlar qo‘shnilarning mahsulotiga yutqazadi.
"Kirgizlend" eksportchi va importchilar assotsiatsiyasi raisi Lenara Niyazbekova Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligini zudlik bilan ko‘tarish kerak deb hisoblaydi.
"Yaqinda butun Qirg‘izistonni aylanib chiqdim. Qishloq xo‘jaligimiz ayanchli ahvolda. O‘rik, olma, boshqa meva va sabzavotlar uquvsizlarcha yetishtirilmoqda. Ayrim fermerlar bir gektar yerga bir tonna selitra solishlarini tan olishdi. Bunday yo‘l bilan xorijda hech narsa sotolmaymiz – laboratoriyalar bir zumda fosh qiladi", - deydi ekspert.
Qirg‘izistonlik tadbirkorlar janubdagi qo‘shnilaridan sal xavotirda, deydi Sharsheyev.
"Ular O‘zbekistondan keltirilgan olmalar biznikidan arzon ekanligini ko‘rishmoqda, shuning uchun o‘z bozorlari kasod bo‘lishidan xavotirlanishadi. Biroq qo‘shni davlat iqtisodiyotimizni parchalab tashlaydi deyish noo‘rin: ular iste’mol qilganlariga nisbatan kamroq ishlab chiqarishadi, demak, biz ham o‘zbekistonliklarga mahsulot yetkazishimiz mumkin", - deydi u.
Iqtisodchilarning bir narsaga ishonchlari komil: bunday qo‘shnichilik zarardan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi. Asosiysi, imkoniyatlardan foydalanish, deb hisoblaydi Ponomarev.
"Jahonda hamma sheriklar nimadadir bir-birlariga raqobatchi hisoblanishadi. Manfaatlarni muvofiqlashtirish muhim. Masalan, Xitoy bilan qo‘shnimiz, uning matolari, tugma va iplarini sotib olamiz va xitoyliklarning mashinkalarida sifatliroq va xaridorgir narsalar tikamiz", - dedi iqtisodchi.
Ponomarevning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi Qirg‘iziston uchun imkoniyatlar eshigini ochadi, biroq agarda boshqaruv biznesda ham xuddi mamlakatdagidek yetarlicha oqilona bo‘lmasa, bu imkoniyatni qo‘ldan boy berish mumkin.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston birgalikda nimalarga erishishi mumkin?
Birinchidan, O‘zbekiston paxtasi va Qirg‘iziston sexlari tufayli hamkorlikda tayyorlangan kiyim-kechaklar boshqa mamlakatlar bozorlarini bemalol zabt etishi mumkin.
"O‘zbekiston paxta yetishtiruvchi yirik mamlakat. Rossiya-Qirg‘iziston fondi Qirg‘izistonda mato ishlab chiqarish zavodlari uchun yaxshigina mablag‘ ajratgan. Menimcha, bu sohada uzviy hamkorlikni rivojlantirish mumkin", - deydi Niyazbekova.
Shuningdek, ikki mamlakat hududida yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Qozog‘iston va Rossiyaga birgalikda chiqarish mumkin.
Ponomarevning aytishicha, hozirda Qirg‘iziston ham, O‘zbekiston ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga jiddiy ravishda mahsulot yetkazib bera olmaydi. Gap shundaki, har ikki davlat ham YeOIIning meva-sabzavot yetkazish bo‘yicha talablarini ta’minlay olmadi.
"Rossiya bozorini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, aholi 80 foiz mahsulotni savdo tarmoqlarining supermarketlaridan sotib olishadi va atigi 20 foiz mahsulot kichik magazin va bozorlarda sotiladi. Mahsulotlarni saralamasdan qutilarga solib jo‘nataveradigan bo‘lsak, u holda ana shu 20 foiz bozorga umid qilishimiz mumkin", - deydi iqtisodchi.
Ekspertlarning ta’kidlashlaricha, olma emas, olma sharbati, go‘sht emas, kolbasa sotish foydaliroq. Birgalikda mahsulotlarni qayta ishlash sexlari ochish ham foydali. Masalan, O‘zbekiston xom ashyosini Qirg‘izistonda qayta ishlash foydaliroq, chunki Qirg‘iziston YeOIIda imtiyozlarga ega.