TOShKENT, 16 avg — Sputnik. O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Olmaliqda to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha tadbir o‘tkazdi, deb xabar qildi "O‘zbekiston 24".
Xabarda aytilishicha, 2017-yil 15-avgust kuni Olmaliq shahridagi "Oltin olma" xiyobonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Olmaliq shahar Kengashi tashabbusi bilan Olmaliq shahar hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi va Madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikda "Olmaliq shahar yoshlari to‘ylarni ixchamlashtirish tarafdori!" shiori ostida muloqot tashkil qilingan.
Uchrashuvda to‘ylardagi ortiqcha xarajatlar, isrofgarchiliklar, to‘ylarni o‘tkazishda milliy urf-odatlarimiz o‘rniga mantiqsiz, Yevropa odatlari asosidagi an’analarga asosiy urg‘u berib yuborish kabi illatlarning oldini olish haqida fikr yuritildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni ziyolilar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida fuqarolardan tushayotgan ko‘plab talablar asosida tez kunda to‘ylarni ixchamlashtirish to‘g‘risida qaror chiqarilishini ma’lum qilgan edi.
"Yaqinda o‘tgan "Kamolot" qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, "Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik", degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim", — deb aytgan edi Mirziyoyev.