Bangalorda tahsil olgan o‘zbek yigiti hindlar o‘zbeklarni qanday qarshi olishi haqida gapirdi

© Asror Alayarovning shaxsiy arxividanAsror Alayarov
Asror Alayarov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hindistonda tahsil olgan o‘zbek yigiti - Asror Alayarov bilan suhbatimiz juda qiziq kechdi. U Bobur Mirzo tufayli Hindistonda barham berilgan urf-odat, o‘zbek va hind talabalari o‘rtasidagi farq hamda boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi

TOShKENT, 21-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Asror Alayarovning ijod namunalarini o‘qirkansiz, inson tabiatiga xos bo‘lgan eng nozik ichki hissiyotlar, kuzatuvchanlikning, sezgirlikning, tasvirning yuqori cho‘qqisi, ehtiroslarning aniq yoki o‘ychan qiyofalari ko‘z oldingizda jonlanadi. Uning hikoyalarida inson ichki ruhiyatining ma’lum va noma’lum tasvirlari o‘ta mohirlik bilan bir-biriga bog‘lanib ketganki, ularda ham falsafa, ham teranlikni bir vaqtda uchratasiz.

Asror har ikkala yo‘nalish — real va ruhiy tasavvurga asoslangan voqealar tasviri bo‘yicha zamonaviy adabiyotning eng tajribali yozuvchilaridan biridi", deya hamurtimiz ijodiga fikr bildirgan Buyuk Britaniyalik adabiy tanqidchi Linda Ibbotson bu vaqtda Asrorning AQShda chop etilgan "Qaror" (("A Decision") nomli kitobi mutolaasi ustida edi.

© Asror Alayarovning shaxsiy arxividanLinda Ibbotson adabiy tahlili, inglizcha varianti
Linda Ibbotson adabiy tahlili, inglizcha varianti - Sputnik O‘zbekiston
Linda Ibbotson adabiy tahlili, inglizcha varianti

Xo‘sh, Asror Allayorov hikoyalariga berilgan bu baho yurtdoshimizni qay darajada ilhomlantira oldi? Yosh ijodkorning adabiyot olamiga kirib kelishi aslida qanday bo‘lgan? U qanday kasb egasi, qayerda tahsil olgan va kelajakdagi rejalari nimalardan iborat? Hindistonda kechgan hayoti va bundan olgan tassurotlari qanday?

Bu haqda Asrorning o‘ziga quyidagi savollar bilan murojaat etdik.

- Asror, Hindistonga qay tariqa borib qoldingiz?

— Ba’zan orzularingiz sizni o‘zingiz kutmagan manzillar sari boshlarkan. 2014-yilda ko‘pchilik ishonqiramay qaraydigan "online" tizim orqali Bangalor universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Qabul boshlangach, hujjatlarimni elektron tarzda qabul bo‘limiga yubordim va talabalikka qabul qilindim. So‘ngra, Hindistonning Toshkentdagi elchixonasida suhbat bo‘ldi, hamda talabalik vizasi oldim. O‘tgan yillar davomida universitetning 300 ming nafarlik talabalari orasida "Biznes boshqaruvi" yo‘nalishida bakalavrlik uchun tahsil oldim.

© Asror Alayarovning shaxsiy arxividanAsror Alayarov Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro yozuvchilar konferensiyasida Andra Pradesh bilan, 2012-yil
Asror Alayarov Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro yozuvchilar konferensiyasida Andra Pradesh bilan, 2012-yil - Sputnik O‘zbekiston
Asror Alayarov Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro yozuvchilar konferensiyasida Andra Pradesh bilan, 2012-yil

Bu yerda hindistonliklar sizni "Namaste" (hindcha salom) deya qo‘llarini birlashtirib, boshi egik holda qarshi olishadi. Bu hurmat ma’nosi. Hindlarning madaniyati ham grek va misr madaniyati kabi qadim o‘tmishga borib taqaladi. Mamlakatga tashrif buyurishingiz bilan ko‘cha-kuyda yoki ayrim ommaviy tadbirlarda doira chalib, raqs tushayotgan mahalliy aholi darrov e’tiboringizni tortadi. Bu yerda raqs tushishni va qo‘shiq aytishni bilmaydigan kishi deyarli yo‘q. Bir yilda yuzdan ortiq bayramlari bor. Kimdir qaysidir san’atning ustasi. Shu uchun ham sayyohlar va talabalar oqimi to‘xtamaydi.

Meni ko‘proq hayratga solgan narsa esa ajdodlarimiz qurdirgan imoratlar va ularning sha’niga bo‘lgan ehtirom bo‘ldi.

Dehlidagi yirik ko‘chalar Bobur avlodlari nomi bilan ataladi. Ular bunyod etgan imoratlar, qadamjolar, qo‘lozmalar hanuzgacha saqlab qolingan. Aytishlaricha, mahalliy aholi Buyuk Britaniya bilan bo‘lgan urushda Toj Mahalni yashirib, havodan bo‘ladigan hujumlardan asrab qolgan ekan. Yana hindlarning aytishicha, eri vafot etganda xotinini ham qo‘shib yoqish odatiga aynan Bobur avlodlari tomonidan barham berilgan.

- Hind tilida ham so‘zlasha olasizmi?

— Albatta, lekin mukammal emas. Aslida juda ko‘p so‘zlarimiz o‘xshash. Yozuvlar farqlanadi. Bizning darslarimiz ingliz tilida bo‘lgan va ko‘cha-kuydagi muloqotlar uchun ko‘plab hindcha so‘zlarni o‘rganishga to‘g‘ri kelgan. Chunki bu yerda hamma ham ingliz tilida suhbatlasha olmaydi.

- O‘zbekistonlik va hindistonlik talabalar o‘rtasida qanday farq bor?

— Hindistonda talabalarning o‘qish davomida ishlashi qonunan ta’qiqlangan. Shu bois ota-onalar farzandlari qurbi yetgan kollej va universitetlarga o‘qishga qo‘yadi. Bangalor shahri Hindistonning Informatsion texnologiyalari poytaxti hisoblanadi.

© Foto : iz lichnogo arxiva Asrora AlayarovaAsror Alayarov
Asror Alayarov - Sputnik O‘zbekiston
Asror Alayarov

Bu yerga asosan shu yo‘nalishga o‘qishga kelishadi. Bugun ko‘pchilik hindlar jahonning mashhur kompaniyalarida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonlik talabalar esa asosan yurtimizga qaytib, taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilishgan. Ikki davlat talabalari o‘rtasidagi farq ta’lim tizimi bilan bog‘liq. Imtihonlar Hindistonda yozma ravishda olinadi. Rejim juda qattiq. Yoningizdagi talabadan ko‘chirishga urinish ham butun bir semestr imtihonlaridan chetlatilishga olib keladi.

- Hindistonda sizga eng yoqqan narsa…

— Yo‘llar va imoratlar… Mamlakatning eng kichik ko‘chalari ham tekis va harakatlanish uchun qulay. Imoratlar dizayni esa bir-birini takrorlamaydi. Shunindek, bu yerda kitob ko‘tarib yurgan yoshlarni ko‘p uchrataman. San’atni, adabiyotni qadrlashadi.

Bir safar poyezdda konferensiyaga ketayotganimizda, yonimdagi kishi O‘zbekistonning obro‘li ijodkorlaridan biri ekanini eshitgan bir hind oilasi o‘zlarining milliy uslubida yurtdoshimizga oyog‘igacha egilib, ta’zim qilgandi.

Bu haqda 2016-yil fevralda Hindistonning markaziy televideniyelaridan biri – "Lok Sabha"ga bergan intervyumda ham ta’kidlab o‘tganman.

- Ijod olamiga kirib kelishingiz qanday kechgan?

— Yoshligimdan eng ulkan maqsadlar sari intilganman. Aslida, butun koinot harakatda ekan, nega men jim turishim kerak? Koson tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabini tugatib, (bizning davrimizda 11-yillik ta’lim mavjud edi) Qashqadaryo viloyatining "Qashqadaryo" gazetasi ma’naviyat bo‘limi muxbiri sifatida ish boshlaganman. Bu yerda tajriba orttirgach, viloyatning "Daryo" gazetasida bosh muharrirlik qildim. So‘ngra, 2013-yilda o‘z xususiy gazetam – "Sharq dunyosi"ga asos soldim. Nashrimiz viloyat miqyosida tarqaladi.

Jurnalistika badiiy ijodimni yuksaltirishga katta turtki bergan. Jahon adiblarining o‘zbek tiliga o‘girilgan ko‘plab asarlarini o‘qib chiqqach, ingliz tilini o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ishdan keyin o‘qituvchim Kamola Salyamovaning yosh bolalardan iborat guruhida darslarga qatnardim. Shundan so‘ng o‘z hikoyalarimni inglizcha yoza boshlaganman.

- Xorijda chop etilgan kitoblaringiz haqida ham to‘xtalsangiz…

— Dastlabki hikoyalar to‘plamim 2014-yilda AQShning "SBPRA" nashriyoti tomonidan ingliz tilida chop etilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, Yaponiyaning "BUYMA books" nashriyoti uni yapon tiliga o‘girdi hamda kunchiqar yurtda sotuvga chiqardi. O‘shandagi bir holatni bir umr esdan chiqarolmasam kerak. Kitob tarjimoni Noriko Saitoning telefon orqali men bilan bog‘lanib, o‘zbek tilida "Assalomu alaykum" deya suhbatni boshlashi meni nihoyatda hayratga solgandi. Shundan so‘ng kitobga nom tanlash borasida maslahatlashdik. Biroz o‘tib uning tarjimalari "Zamonaviy o‘zbek hikoyalari" nomi ostida chop etildi.

Joriy yilning boshida Serbiyaning "Alma" nashriyotidan yangi hikoyalar to‘plamimni serb tilida chop etish taklifini oldim.

Yaqinda kitob dunyo yuzini ko‘rdi. "Ko‘zguning qudrati" deb nomlangan ushbu to‘plamdan 10 ta hikoyam o‘rin olgan. Ularni serb tiliga Smilyana Piksiades hamda Melisa Lilich tarjima qilgan.

© Asror Alayarovning shaxsiy arxividanAsror Alayarovning Serbiyada chop etilgan kitobi muqovasi
Asror Alayarovning Serbiyada chop etilgan kitobi muqovasi - Sputnik O‘zbekiston
Asror Alayarovning Serbiyada chop etilgan kitobi muqovasi

She’r va hikoyalarim jahonning 30 dan ortiq tillariga tarjima bo‘lgan. AQSh, Meksika, Argentina, Kuba, Serbiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Polsha, Chili, Puerto Riko, Kolumbiyadagi jurnal va Antologiyalardan o‘rin olgan.

2017 yilda Livanda an’anaviy o‘tkaziladigan Naji Naaman adabiy mukofoti g‘oliblaridan biri bo‘ldim.

- Kelajakdagi rejalaringiz qanday? Qayerda faoliyat yuritmoqchisiz?

— Hayot kutilmagan mo‘’jizalarga boy. Va bu mo‘’jizalar har birimizning yashash tarzimizga bog‘liq jarayon. Orzularingiz mukammalashib borishi tajriba va dunyoqarashingizning yuksalishini anglatadi. Aslida, tasavvuringizdagidan ortig‘i imkonsiz, intilganingizdan ortig‘i sarhadsiz. Kelajakda o‘z biznesimni yaratish niyatidaman. Axir, Hindistonda o‘qib-o‘rganganlarim besamar ketmasligi lozim. Ijod esa keng qamrovli tushuncha. U ham muhabbatga muhtoj. Uni qadrlasangiz, sizdan uzoqlashmaydi.

Yangiliklar lentasi
0