TOShKENT, 20-may — Sputnik. Britaniya kengashi va "Bolajon" telekanali bolalar uchun ingliz tilini o‘rganishga bag‘ishlangan yangi ko‘rsatuv tashkil qilmoqda. Kanal 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smir yigit va qizlarni boshlovchilikka taklif etdi, deb xabar bermoqda "Podrobno.uz". ko‘rsatuv britaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda tayyorlanadi va 7-9 yoshli bolalarga mo‘ljallanadi.
Kastingning birinchi bosqichi 20-maydan 10-iyunga qadar o‘tkaziladi.
Tanlovda qatnashish istagida bo‘lganlar o‘zlari haqida ingliz tilida qiziqarli tarzda hikoya qilishlari va buni tasvirga olib www.wetransfer.com fayl almashuv xizmati orqali sevara.dultaeva@britishcouncil.uz elektron manziliga jo‘natishlari lozim. Videolavha 2 daqiqadan oshib ketmasligi kerak.
Hay’at tomonidan tanlab olingan qatnashchilar 1-5 iyul kunlari ikkinchi bosqichda qatnashishadi. Bunda ular kamera qarshisida turib dastur bilan bog‘liq sahnalarni ijro etishlari kerak bo‘ladi.
17-23 iyul kunlari kastingning eng yaxshi ikki qatnashchisi — o‘smir va qiz yangi teleko‘rsatuv olib boruvchisi sifatida suratga olish ishlariga taklif qilinadi. Ko‘rsatuv to‘laligicha ingliz tilida bo‘ladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.