TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Usenet 2017 xalqaro anjumanida O‘zbekistonda to‘rtinchi avlod tarmog‘ining rivojlanishi haqida so‘z yuritildi, deb xabar bermoqda "Podrobno.uz".
Anjumanda qatnashgan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umidjon A’lamovning aytishicha, hozirda O‘zbekistondagi operatorlar LTE-tarmog‘ini barpo etishmoqda.
"Yil oxiriga qadar mamlakatdagi operatorlar barcha viloyatlar markazlarida o‘z 4G tarmoqlariga ega bo‘ladi", degan u.
Ushbu fikrni Unitel direktori Dmitriy Shukov ham tasdiqladi.
Uning qayd etishicha, mazkur loyiha qiymati bir necha o‘n million dollarni tashkil etadi.
"5G — bizning kelajagimiz. Kelasi yili Seulda Olimpiada vaqtida 5G tarmog‘i ishga tushiriladi. Ko‘ramiz, u qanday ishlarkin", — degan Unitel rahbari.
Hozirda O‘zbekistonda GSM tarmog‘ida to‘rtta: Unitel (10 mln. abonent), Ucell (9 mln.), UMS (2 mln.dan ko‘proq), Uzmobile GSM (1 mln.dan ortiq) kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana bir operator — Perfectum CDMA tarmog‘ida ishlaydi (1 mln. abonent).
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.