TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Qashqadaryo viloyat toshqinga qarshi komissiyasida suv toshqinlari, sel kelishi xavfi oldini olishga qaratilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi "Qashqadaryo gazetasi".
Ma’lumki, tog‘li hududlardagi qishloqlarning ko‘pchiligi suv manbalariga yaqin, dehqonchilik uchun qulay soyliklar hududida joylashgan. Ayrim oilalar esa o‘zbilarmonlik bilan suv yo‘llariga yanada yaqin hududlardan uy qurib olishgan. Bu holat butun bir oilaning hayotini xavf ostida qoldiradi.
Yig‘ilishda ana shunday hududlarni o‘rganib, aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish, daryo va suv omborlari atrofidagi yemirilishlar, yer cho‘kishlarini aniqlab, o‘z vaqtida muhofaza choralarini ko‘rish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab olindi. Bu borada mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.