TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekistonda MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari yoshlari orasida tarqalgan hayot uchun xavfli "Ko‘k kit" o‘yini oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi. Bu haqda Toshkent shahar IIBBga asoslanib NUZ.UZ xabar bermoqda.
"Ko‘k kit", "Kitlar dengizi", "Tinch uy" nomlari bilan tarqalgan, maqsadi bolalar va o‘smirlarni o‘z joniga qasd qilishga undaydigan dahshatli o‘yin bir oy oldin O‘zbekistonga ham yetib keldi. Shundan so‘ng Facebookdagi turli guruhlar va forumlarda ota-onalarni farzandlariga e’tiborli bo‘lish, ularning internetda nimalar bilan mashg‘ul bo‘layotganini tekshirishga chorlovchi postlar paydo bo‘ldi.
Bu bejiz emas: sababi o‘zbekistonlik ayrim yoshlar ham ushbu o‘yinni o‘ynashni boshlashdi. Bir necha o‘smirlarning Instagram sahifalarida o‘z joniga qasd qilish haqidagi postlar chop etildi. Huquq-tartibot organlari, o‘quv muassasalari ma’muriyati tomonidan zudlik bilan tushuntirish ishlari boshlab yuborildi. Huquq-tartibot organlari xodimlari prokuratura va xalq ta’limi bo‘limi xodimlari bilan har kuni maktab va litsey-kollejlardagi davomatni, o‘quvchilarning smartfonlari va o‘zini tutishini kuzatmoqdalar.
Maktab ma’muriyati darsga kelmagan o‘quvchilarning dars qoldirish sababini zudlik bilan aniqlamoqda. Ota-onasi u yoki bu sabab bilan xorijda bo‘lgan o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent shahar IIBB O‘zbekistonda "Ko‘k kit" va shu kabi boshqa o‘yinlar oqibatida jabrlanish holati qayd etilmaganligini ma’lum qildi. Lekin shunga qaramay, bu yo‘nalishda profilaktika tadbirlari davom etmoqda, ota-onalardan farzandlariga e’tiborli bo‘lish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Qozog‘istonda mazkur o‘yinda ishtirok etish oqibatida o‘nlab o‘smirlar o‘z jonlariga qasd qilishgan.