TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbek shoiri, yozuvchi va jurnalisti Jonrid Abdullaxonov bugun 88 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
Shoirning ismi amerikalik jurnalist Jon Rid sharafiga qo‘yilgan. Uning otasi "Dunyoni titratgan o‘n kun" asaridan shu darajada ta’sirlanadiki, o‘g‘liga amerikalik yozuvchining ism-sharifini qo‘yadi.
Jonrid Abdullaxonovning ilk she’ri u 12 yoshga to‘lgan paytida Namangandagi "Lenin bolalari" va "Zarbdor" gazetalarida chop etilgan.
Frontdan otasining bedarak yo‘qolgani haqida xat kelganidan va onasining vafotidan so‘ng 14 yoshli bolakay Toshkentga yo‘l oladi. U respublika radiosining "Pioner ertaligi" eshittirishida diktor bo‘lib ishlaydi.
1949 yilda ko‘plab she’rlar va "Aleksey Peshkov" pyesasi muallifi sifatida u O‘rta Osiyo davlat universiteti (ToshDU, hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ga tanlodan tashqari kiradi va 1954-yilda tamomlaydi.
So‘ngra uzoq yillar davomida O‘zbekiston radio va televideniyesi adabiy eshittirishlar bo‘limida va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi, shuningdek, O‘zbekiston madaniyat vazirligida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritadi.
1960 yillar boshida "Trud" gazetasida chop etilgan "Jayhun bizga do‘stmi" maqolasida u suv resurslaridan oqilona foydalanish lozimligini, aks holda o‘sha paytda limmo-lim bo‘lgan Orol dengizi qurib qolishini yozadi. Maqola O‘zbekiston partiya rahbariyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi.
Partiya rahbariyatining nuqtayi nazariga ko‘ra ig‘vogarlik ruhidagi ushbu maqolasi uchun Jonrid Abdullaxonov partiya safidan o‘chiriladi. Keyinchalik "Borsa kelmas" romanida Abdullaxonov Orol mavzusiga qaytadi.
Abdullaxonovning ssenariysi bo‘yicha 1964-yilda Markaziy televideniyeda, so‘ngra Leningrad va Kiyevda namoyish etilgan SSSRdagi ilk televizion film bo‘lgan "Azizaxon" filmi suratga olinadi (rejissor — M.Muhammedov).
Jonrid Abdullaxonov "Yo‘l", "Borsa kelmas", "Xonadon", "Suiqasd" kabi romanlar muallifi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi hisoblanadi.