TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda har yili 2-sentabr Islom Karimovni xotirlash kuni sifatida nishonlanadi.
25-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori e’lon qilindi.
"Xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30-yanvar kunini keng nishonlash, 2-sentabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish belgilansin", — deyiladi hujjatda.
Shuningdek, Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratilishi aytib o‘tilgan.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklangan.