TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi binosi 240 mln so‘mga ta’mirdan chiqarildi, deb xabar beradi nuz.uz.
Bir necha yil ilgari hududiy boshqarmaga 1928-yilda qurilgan sobiq maktab binosi ajratilgan bo‘lib, bino ta’mirtalab edi.
"Viloyatimizdagi 63ta advokatlik idoralaridagi advokatlar soni 345 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘pchilik degani. O‘z tadbirlarimizni, shuningdek xorijlik mehmonlar bilan uchrashuvlarni ko‘pincha boshqa tashkilotlar binolarini ijaraga olib o‘tkazardik", — deydi boshqarma boshlig‘i Otabek Axtamov.
O‘zbekiston Advokatlar palatasi inshootni ta’mirdan chiqarish uchun 240 mln so‘m ajratishi tufayli Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etgan binoga ega bo‘ldi.
Hududiy boshqarma rahbariyati binoning tantanali topshirish marosimiga hozirda faxriy nafaqada bo‘lgan advokatura xodimlarini taklif etdi.
"Yangi idorada ish boshlash oldidan faxriy oqsoqollarimizning duosini olishga qaror qildik", — deydi Axtamov.
Muhtasham bino advokatlarning samarali faoliyat olib borishlari uchun muhim omil bo‘ladi, deb ta’kidladi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Toshniyozov.