TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Nika Turbina o‘z zamonasining "vunderkind" bolasi, rus adabiyotining haqiqiy fenomeni deb tan olingan: Nika 4 yoshidan boshlab she’r to‘qishni boshlagan va ularni yozib qo‘yishlari uchun onasi va buvisiga aytib turgan.
Turbina bolaligidan o‘pka shamollashi kasalligi bilan og‘rigan va oqshomlari deyarli uxlamagan. Manbalarda ta’kidlanishicha. u tuni bilan karavotchasida o‘tirib chiqqan va kechalari bilan allanimalar deya pichirlagan. Mittigina Turbina she’rlarni unga Yaratganning o‘zi shivirlab turganini aytgan.
O‘zbek ijodkori fojeali hayotni boshidan kechirgan rus shiorasiga atab qalb kechinmalari tushirilgan maktubni yo‘lladi.
Birinchi maktub
Assalomu alaykum, Nika Turbina!
Meni sizga maktub yo‘llashga undagan narsa ehtimol hayratdir! Ehtimol mo‘’jizadir! Ehtimol ko‘ngildir! Garchi hayrat ham, mo‘’jiza ham birgina ko‘ngilning o‘zida, quyoshi botmas, osmoni musaffo, zamini xushbo‘y gullaru yam-yashil o‘t-maysalarga burkangan, sarhadiyu sohillari yo‘q, na jilovlash, na bir iznga solish mushkul bo‘lgan bir lojuvard xilqatda ro‘y bersa-da, hayratni alohida, mo‘’jizani alohida atagim keldi. Turib-turib, yana o‘z fikrlarimga o‘zim qarshi boraman. Axir hayrat ham, mo‘’jiza ham chaqindek yarq etib, so‘ng qalbimizga kirib kelmaydimi?
Hayratni ham, mo‘’jizani ham kimdir yo nimadir ko‘z o‘ngimizda sodir etib, xuddi yaqinimiz o‘zimizga gul uzatgandek ko‘zlarimiz tomon yugurtirmaydimi? Ko‘zlar derazasidan sizib, ichkariga — ko‘ngil dunyomizga ingan bu munavvarliklar, quvnoqliklar, go‘zalliklar butun vujudu ruhimizni yayratib, jonu jismimizdagi bor iztirob, dardu charchoqni sirqitmaydimi?
Men shuni anglab yetapman, Nika! Hayratu mo‘’jizani o‘zimiz ham, yonimizdagi yaqinimiz, tanishu notanishlar ham uyg‘otishi mumkin. Buning uchun ko‘ngli bedor insonda imkoniyatlar bor, behisob. Ammo men hozir faqat siz qoldirgan hayratlar, mo‘’jizalar va ko‘nglingiz haqida so‘z qoralamoqchiman.
Nika, aybga buyurmaysiz, negadir sizni senlashga tilim bormayapti. Bundan ranjimang, biz o‘zbeklar sharqona tarbiya udumida ulg‘ayganmiz, oilaviy muhitdagi tarbiya ham shu qadriyatni, o‘zbeklarga xos muomala madaniyatini taqozo etgan. Biz o‘zimizdan necha yosh ulug‘ insonlarga “siz” deb murojaat qilganimiz kabi o‘zimizdan necha yosh kichik odamlar, hatto bolakaylarni ham sizlashga o‘rgangamiz. Ranjimang, Nika! Bilaman, bir muxbir bilan suhbatlashayotib, meni bemalol “senlayvering, axir qarib quyulgan kampir emasmanku” deya yozg‘irgandingiz. Bundan sezdimki, siz har bir odamni ham o‘z yaqiningiz kabi yaqin olib ketavergansiz, o‘zingizni doim go‘dakdek his qilgansiz.
Nika, o‘zi meni hayratlantirgan she’rlaringiz, menga naq mo‘’jizadek tuyilgan ash’orlaringiz haqida yozmoqchi edim. Hayratimning ibtidosi – sizning to‘rt yoshdan boshlab, she’r qoralay boshlaganingiz. Dastavval o‘jarligim tutdi. Ishonch hissiga erk bermadim. Bu favqulodda hodisaga dabdurustdan ishonish ahmoqlik, nodonlik bo‘lib tuyildi. Axir aqli butun, fikr qozoni qaynab turadigan “miyali” har qanday odam ham bu cho‘pchakka ishonmaydi-da. Qani birovga to‘rt yoshli qiz odamni esankiratadigan she’r yozibdi, deb ko‘ring-chi, undan qanday javob olar ekansiz.
Hech vaqt, hechdan hech "qoyil!" deb yubormasa kerak. Garchi “Qoralama” (Chernovik”) to‘plamingizdagi So‘z hosilalari bir butun, takrorlanmas iste’dodni, har bir so‘z zargari ham yoza olishi mushkul bo‘lgan she’rlar ekaniga shohidlik bersa-da, men bir qizaloqning hali harf tanimay, so‘zga do‘st tutinmay turib adabiyotga da’volik qilishi, o‘zini katta shoirlardek tutishi menga erish tuyuldi.
Men sizga ijod yo‘lida yo‘lboshchi bo‘lgan ulug‘ rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoni ham yomon ko‘rib qoldim. Nazdimda, siz chala, maromiga kelmagan, xom-xatala she’rlar yozgansizu, shoir ularni tahrir etib, tartibga kiritgandek edi. Ammo keyin siz she’r o‘qigan audioyozuvlarni tinglab, shubha-gumonlarim asossiz ekanini, men yanglishayotganimni anglab yetdim. Chunki audioyozuvda siz shunday berilib, o‘zingizni-da unutar darajada she’r o‘qigansizki, men faqat tug‘ma shoira shunday ishonchla, umidla, jur’atla she’r aytishi mumkinligiga ishonch hosil qildim. Shunda shoiru she’ru shuurlik ilohiy ekaniga, bu oliy ma’naviy ne’mat Yaratganning o‘zi tanlagan bandalariga ikrom etishiga yana bir karra imon keltirdim.
Nika, sizning she’rlaringiz meni gangitdi, hayajonlantirdi. Ayni sizning she’rlaringizga ro‘para kelgach, men hayrat ko‘zgusi bilan to‘qnashdim. Bu mo‘’jizaviy ko‘zgu mavjlana-mavjlana meni o‘z dunyosiga tortib ketdi. Men Nika Turbina deb nomlanmish bir toza, ammo zohiru botini g‘amga chulg‘angan dunyo uzra parvoz qildim. Qiziq, g‘ussa ham odamni parvozga undashi mumkin ekan. Iztirob ham qanot berishi mumkin ekan. Ehtimol ana shu dardu iztiroblar bergan qanot tufayli parvoz qilgandirsiz. Ko‘k uzra uchgandirsiz. Yuragim siz kechirgan, his etgan so‘ngsiz achchiq alamu azoblarga limmo-lim bo‘ldiyu, biroq ayni shu tig‘li iztiroblar, og‘riqlar havosila o‘zimni bedor his qilayotgandim va shuni angladimki, bu dardu alamlar ko‘ngilga nafaqat qanot baxsh etarkan, boshpana, libos ham ekan. Ko‘ngil o‘zi chekkan iztiroblar havosidan simirib, jon saqlarkan. Ko‘ngilga iztirobgina suv havo ekan.
Nika, men sizga yana maktub yo‘llash va’dasini berib, ilk nomaga nuqta qo‘yayotirman.
Umid Ali